Qonunchilikdagi_yangiliklar

Chop etish Sahifani ulashish
08.09.2025 129 Yangiliklar

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
“O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga avtotransport vositalari bilan bog‘liq savdo tartibini takomillashtirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risidagi” 22.08.2025-yildagi 535-son qarori mohiyati.

Qarorning maqsadi, Avtomototransport vositalarini sotib olish va tasarruf etish, ularni ro‘yxatdan o‘tkazish tartibini yanada takomillashtirish, avtomototransport vositalari bilan bog‘liq bitimlar tuzishda fuqarolar va yuridik shaxslarga qulay shart-sharoitlar yaratish orqali xizmatlar ko‘lamini kengaytirish.
Qarorga ko‘ra, endilikda notariuslar tomonidan avtomototransport vositalari bilan bog‘liq bitimlarni tasdiqlash (tasarruf etish huquqisiz ishonchnomalar bundan mustasno) distribyutor va diler tashkilotlari tomonidan ilgari foydalanishda bo‘lgan avtomototransport vositalarining oldi-sotdi shartnomasini, shu jumladan, “TRADE-IN” va “TRADE-UP” dasturlari bo‘yicha oldi-sotdi shartnomasini rasmiylashtirish boshqa shaxsga berish taqiqlanmaganligi va xatlab qo‘yilmaganligi tekshirilgandan keyin amalga oshiriladi.
Notariuslar tomonidan avtomototransport vositasini boshqa shaxsga berish to‘g‘risidagi shartnomani rasmiylashtirish davomida murojaat qiluvchilar tomonidan avtomototransport vositalari agregatlar raqamlarining ro‘yxatdan o‘tkazish raqamlariga muvofiqligi yuzasidan ko‘zdan kechiriladi va bu haqda shartnomada aks ettiriladi.
Distribyutor va diler tashkilotlari tomonidan ilgari foydalanishda bo‘lgan avtomototransport vositalarining oldi-sotdi shartnomasini, shu jumladan, ular tomonidan “TRADE-IN” va “TRADE-UP” dasturlari bo‘yicha oldi-sotdi shartnomasini rasmiylashtirishga qadar avtomototransport vositalari sotib oluvchining tanloviga ko‘ra, xohlagan DYHXX organlarida agregatlar raqamlari ro‘yxatdan o‘tkazish raqamlariga muvofiqligi yuzasidan ko‘zdan kechirilishi lozim. Bunda agregatlar raqamlarining ro‘yxatdan o‘tkazish raqamlariga muvofiqligi yuzasidan ma’lumotnoma taqdim etiladi hamda ushbu ma’lumotnoma ko‘zdan kechirgan mansabdor shaxsning familiyasi, ismi va otasi ismining bosh harflari, ko‘zdan kechirilgan sana ko‘rsatilgan va mansabdor shaxs imzosi qo‘yilgan holda shtamp bilan tasdiqlanadi. Ma’lumotnoma 10 kun mobaynida amal qiladi.
Avtomototransport vositasi ko‘zdan kechirilganligi uchun to‘lov undirilmaydi.
“TRADE-IN” — ilgari foydalanishda bo‘lgan avtomototransport vositasini yangi avtomototransport vositasiga narxlaridagi farqni to‘lagan holda almashtirish;
“TRADE-UP” — ilgari foydalanishda bo‘lgan avtomototransport vositasini ilgari foydalanishda bo‘lgan avtomototransport vositasiga narxlaridagi farqni to‘lagan (narxlaridagi farqni olgan) holda almashtirish”;