#Qonunchilikdagi_yangiliklar

Chop etish Sahifani ulashish
11.09.2025 143 Yangiliklar

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Huquqiy axborotni proaktiv shaklda yetkazish tizimi samaradorligini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 08.09.2025-yildagi PF-160-son Farmoni mazmuni

Huquqiy axborotni yetkazishda innovatsion yondashuvlar joriy etilmoqda.

Farmonga ko‘ra, quyidagilar sohani takomillashtirishning asosiy vazifalari etib belgilandi, jumladan:

- huquqiy ong va huquqiy madaniyatni oshirishda sun’iy intellektdan foydalanish orqali innovatsion yondashuvlarni joriy etish;

- aholining huquqiy axborotga bo‘lgan haqiqiy talab va ehtiyojlarini o‘rgangan holda huquqiy ma’lumotlarni manzilli va maqsadli yetkazish.

Farmonga ko‘ra, Lex.uz asosida “proaktiv qonunchilik” tamoyili bilan huquqiy axborotni “aqlli targ‘ibot” shaklida yetkazishning quyidagi tizimi joriy etiladi:
- Lex.uz Soliq organlarining elektron davlat xizmatlari portali va YAIDXP (my.gov.uz) bilan integratsiya qilinadi;
- tadbirkorlar va o‘zini o‘zi band qilgan shaxslarning roziligiga asosan, soliq.uz tizimidagi shaxsiy kabinetiga ular faoliyatiga oid yangi qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlar yuboriladi;
- YAIDXP (my.gov.uz) foydalanuvchilarning shaxsiy kabinetiga ularning roziligiga asosan kundalik hayotda qo‘llash uchun zarur bo‘lgan normativ-huquqiy hujjatlarning havolalari yuboriladi.

Tizim orqali hujjat yetkazish namunasi: masalan kimdir haydovchilik guvohnomasini rasmiylashtirdi, tizim shu zahoti unga MJTKning yo‘l harakatiga oid huquqbuzarliklar va boshqa yo‘l harakatiga oid eng muhim qonunchilik haqidagi ma’lumotlar havolasini my.gov.uz orqali yuboradi, kelgusidagi ushbu sohadagi o‘zgartirishlar ham shu shaklda yetkaziladi. Xuddi shunday, turizm bilan shug‘ullanadigan tadbirkor IFUT kodi orqali aniqlanib, unga turizm bo‘yicha qonunchilik, unga kiradigan o‘zgartirishlar havolasi uning roziligiga asosan soliq.uz orqali yuboriladi.